Ushbu hujjat adlix.uz raqamli xizmatidan (keyingi oʻrinlarda — Xizmat) foydalanish, shu jumladan pullik Pro va Pro+ tariflariga obuna boʻlish shartlarini belgilaydi. Hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 369-moddasiga muvofiq ommaviy oferta hisoblanadi: unda shartnomaning barcha muhim shartlari mavjud va u shu shartlarda shartnoma tuzishni istagan har qanday shaxsga qaratilgan.
Atamalar
1.1.Sotuvchi — adlix.uz raqamli xizmatini taqdim etuvchi va ushbu Ofertani eʼlon qilgan shaxs (11-boʻlim).
1.2.Foydalanuvchi — Ofertani aksept qilgan tashkilot (uning nomidan harakat qiluvchi vakolatli shaxs) yoki markaz xodimi.
1.3.Xizmat (adlix) — adlix.uz sayti va @adlix_uz_bot Telegram boti orqali taqdim etiladigan raqamli axborot-huquqiy xizmat: yuristlar maʼlumotnomasi, hujjat namunalari, hisoblash vositalari (kalkulyatorlar), ADLIX AI AGENT, qonunchilik yangiliklari, savol-javob imkoniyatlari va ekspertlar bilan onlayn uchrashuvlar.
1.4.Tashkilot kabineti — tashkilotga berilgan login va parol bilan kiriladigan Xizmat boʻlimi.
1.5.Markaz — tuman (shahar) yuridik xizmat koʻrsatish markazi. Markaz xodimi — Xizmatda markaz yuristi sifatida roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchi.
1.6.Bepul tarif — toʻlovsiz taqdim etiladigan imkoniyatlar toʻplami. Pro tarifi va Pro+ tarifi — obuna haqi toʻlangan davrda qoʻshimcha ochiladigan imkoniyatlar toʻplamlari (2-boʻlim); keyingi oʻrinlarda birgalikda — Pullik tarif. Pro+ tarifi faqat tashkilotlar uchun taqdim etiladi.
1.7.Obuna davri — Pullik tarif amal qiladigan, toʻlangan muddat (1 oy yoki 12 oy).
1.8.Bot — Sotuvchining Telegramdagi rasmiy boti @adlix_uz_bot.
1.9.Chek — bank yoki toʻlov ilovasi beradigan, oʻtkazma amalga oshirilganini tasdiqlovchi hujjat (rasm, skrinshot yoki PDF).
1.10.Tasdiq raqami — toʻlov tasdiqlanganda Bot beradigan «ADX-…» koʻrinishidagi noyob raqam.
1.11.Administrator — Sotuvchi nomidan toʻlovlarni tekshiruvchi va murojaatlarga javob beruvchi shaxs.
1.12.Aksept — Ofertaning toʻliq va soʻzsiz qabul qilinishi (10-boʻlim).
1.13.Limit — Pullik tarifda kalendar oy davomida foydalanish mumkin boʻlgan soʻrovlar (savollar) soni.
1.14.Ekspert uchrashuvi — Sotuvchi yoki u tomonidan jalb qilingan tegishli yoʻnalish boʻyicha mutaxassis bilan onlayn (video aloqa orqali) oʻtkaziladigan savol-javob uchrashuvi; uchrashuvlar ikki yoʻnalishda — mehnat huquqi hamda sunʼiy intellektni yuridik amaliyotda qoʻllash boʻyicha oʻtkaziladi (2.6-band).
1.15.ADLIX AI AGENT — Xizmat tarkibidagi sunʼiy intellekt asosidagi huquqiy maʼlumot berish vositasi.
Xizmat va tariflar
2.1.Sotuvchi Foydalanuvchiga Xizmatdan tanlangan tarif doirasida foydalanish huquqini beradi, Foydalanuvchi esa Pullik tarif uchun 3-boʻlimda koʻrsatilgan haqni toʻlaydi.
2.2.Bepul tarif toʻlovsiz va muddatsiz amal qiladi:
- tashkilotlar uchun — markaz yuristlari maʼlumotnomasi (telefon raqamlari bilan), hujjat shablonlari katalogi va matnini koʻrish, qonunchilik yangiliklari sarlavhalari va tashkilot maʼlumotlarini yuritish;
- markaz xodimlari uchun — maʼlumotnoma, hududni tahrirlash, hujjatlar, tashkilotlar savollariga javob berish va qonunchilik yangiliklari sarlavhalari.
2.3.Pro tarifi — tashkilotlar uchun:
- hujjat shablonlari (Word) — kadrlar boʻyicha buyruqlar, mehnat shartnomalari, arizalar va dalolatnomalar namunalari, tashkilot rekvizitlari bilan toʻldirilgan holda (DOCX), 2.4-bandda koʻrsatilgan shablonlar bundan mustasno;
- ADLIX AI AGENT — Mehnat kodeksi va tashkilotning tasdiqlangan hujjatlari asosida savol-javob, limit — oyiga 30 tagacha savol;
- kalkulyatorlar — Mehnat taʼtili (taʼtil kunlari, sanalari va jadvali), mehnat muddatlari (sinov, ogohlantirish, intizomiy jazo), aliment;
- qonunchilik yangiliklari — yangi normativ-huquqiy hujjatlar va oʻzgarishlarning toʻliq matni, qisqa sharh va rasmiy manba havolasi;
- rad qilingan hujjat yuzasidan savol — markaz yuristiga yozma savol yuborish (limit — oyiga 10 tagacha savol), javoblar va savollar tarixi, Telegram orqali xabarnoma;
- tasdiqlangan hujjatlar — koʻrish va yuklab olish;
- ekspert uchrashuvlari — oyiga bir martadan, ikki yoʻnalishda (mehnat huquqi hamda sunʼiy intellektni yuridik amaliyotda qoʻllash), 2.6-bandda belgilangan tartibda.
2.4.Pro+ tarifi — tashkilotlar uchun: 2.3-bandda koʻrsatilgan barcha imkoniyatlar, shuningdek:
- sud hujjatlari va talabnomalar shablonlari (Word) — daʼvo arizalari, shikoyatlar, iltimosnomalar, sudgacha talabnomalar;
- sudga murojaat yoʻriqnomasi — sudlovlilik, sudgacha talabnoma, daʼvo arizasini tayyorlash va topshirish tartibi boʻyicha bosqichma-bosqich koʻrsatma;
- sud kalkulyatorlari — davlat boji, penya va foizlar, protsessual muddatlar;
- kengaytirilgan limitlar — ADLIX AI AGENT uchun oyiga 50 tagacha savol, rad qilingan hujjat yuzasidan oyiga 15 tagacha savol.
2.5.Pro tarifi — markaz xodimlari uchun:
- hujjat shablonlari (Word), shu jumladan sud hujjatlari va talabnomalar;
- kalkulyatorlar — mehnat muddatlari, aliment, davlat boji, penya va foizlar, protsessual muddatlar;
- sudga murojaat yoʻriqnomasi;
- qonunchilik yangiliklari — toʻliq matn;
- ADLIX AI AGENT — maʼlumotnoma va Mehnat kodeksi boʻyicha savol-javob, limit — oyiga 30 tagacha savol;
- Mehnat taʼtili — taʼtil kunlari, sanalari va jadvalini hisoblash;
- ommaviy eksport — kontaktlarni VCF va Excel formatida yuklab olish.
2.6.Ekspert uchrashuvlari (tashkilotlar uchun Pro va Pro+ tariflarida) oyiga bir martadan, ikki yoʻnalishda: mehnat huquqi hamda sunʼiy intellektni yuridik amaliyotda qoʻllash — onlayn, har biri 1 soat davomida oʻtkaziladi. Uchrashuvlarda savol-javob, mehnat qonunchiligi sharhi, shuningdek sunʼiy intellekt vositalaridan yuridik va kadrlar ishida (hujjat tayyorlash, tahlil) foydalanishning amaliy usullari koʻrib chiqiladi. Uchrashuvlarni Sotuvchi yoki u tomonidan jalb qilingan tegishli yoʻnalish boʻyicha mutaxassislar olib boradi; mutaxassislar haqidagi maʼlumot Xizmatda eʼlon qilinadi. Har bir uchrashuvning sanasi, vaqti va ulanish havolasi tashkilot kabinetida eʼlon qilinadi; havola uchrashuv boshlanishidan 24 soat oldin ochiladi va Pro yoki Pro+ tarifi imkoniyatlari faol boʻlgan tashkilotlarga (shu jumladan 2.9-bandda koʻrsatilgan sinov muddatida) beriladi. Eslatmalar yoqilgan boʻlsa (5.4-band), Botga ulangan chatlarga uchrashuvlar haqida eslatma yuboriladi. Foydalanuvchi savollarini uchrashuvdan oldin kabinet orqali yuborishi mumkin (har bir uchrashuvga 3 tagacha); barcha savollarga javob berilishi kafolatlanmaydi. Biror yoʻnalishdagi uchrashuv oʻtkazilmasa, obuna muddati uzaytirilmaydi, lekin uchrashuv keyingi oyga koʻchiriladi. Uchrashuvlar uchinchi shaxsning video aloqa platformasida (Zoom) oʻtkaziladi; ulanishda ushbu platformaning oʻz shartlari amal qiladi.
2.7.Limitlar Toshkent vaqti boʻyicha har kalendar oy boshida yangilanadi; foydalanilmagan limit keyingi oyga oʻtkazilmaydi. Kunlik cheklovlar va boshqa texnik chegaralar (xizmatni suiisteʼmoldan himoya qilish uchun) Xizmatda koʻrsatiladi.
2.8.Tashkilot obunasi butun tashkilot kabineti uchun amal qiladi. Markaz xodimining obunasi shaxsiy boʻlib, boshqa shaxsga oʻtkazilmaydi.
2.9.Sotuvchi bepul sinov muddatini taqdim etishi mumkin. Sinov muddatida Pro tarifi imkoniyatlari ochiladi; sinov muddati toʻlovni talab qilmaydi va u tugagach, kabinet avtomatik ravishda Bepul tarifga oʻtadi.
2.10.Sotuvchi Xizmatni takomillashtirib, yangi imkoniyatlar qoʻshishi mumkin. Toʻlangan obuna davrida 2.3–2.6-bandlarda koʻrsatilgan asosiy imkoniyatlar va limitlar Foydalanuvchining roziligisiz olib tashlanmaydi va kamaytirilmaydi.
Narxlar
3.1.Pullik tariflarning amaldagi narxlari:
| Tarif | 1 oy | 12 oy |
|---|---|---|
| Protashkilot | 59 000 soʻm | 590 000 soʻm2 oy sovgʻa |
| Pro+tashkilot | 79 000 soʻm | 790 000 soʻm2 oy sovgʻa |
| Promarkaz xodimi | 49 000 soʻm | 490 000 soʻm2 oy sovgʻa |
3.2.Toʻlanadigan aniq summa har bir buyurtmada Botda koʻrsatiladi va Sotuvchining amaldagi tariflari asosida belgilanadi.
3.3.Bank yoki toʻlov ilovasi oʻtkazma uchun komissiya olsa, u Foydalanuvchi tomonidan toʻlanadi; Sotuvchiga Botda koʻrsatilgan summa toʻliq tushishi lozim.
3.4.Sotuvchi narxlarni oʻzgartirishi mumkin. Yangi narxlar kuchga kirishidan kamida 10 kalendar kun oldin adlix.uz saytida va Bot orqali eʼlon qilinadi. Allaqachon toʻlangan obuna davrining narxi oʻzgarmaydi.
Toʻlov tartibi
4.1.Toʻlov faqat Telegramdagi @adlix_uz_bot orqali amalga oshiriladi. Saytdagi tarif kartasining obuna tugmasi (masalan, «Pro ga obuna boʻlish») Botni ochadi va Foydalanuvchi hisobini Bot chatiga ulaydi.
4.2.Botda tarif (tashkilotlar uchun — Pro yoki Pro+) va obuna muddati tanlanadi. Birinchi xariddan oldin Bot ushbu Oferta bilan tanishib chiqishni soʻraydi, soʻng buyurtma raqami, toʻlov summasi va qabul qiluvchi karta maʼlumotlarini koʻrsatadi.
4.3.Foydalanuvchi aynan koʻrsatilgan summani koʻrsatilgan kartaga oʻtkazadi va chekni shu chatga yuboradi.
4.4.Administrator chekni ish vaqtida (odatda dushanba–juma, 9:00–18:00, Toshkent vaqti; amaldagi ish vaqti Botda koʻrsatiladi) tekshiradi. Toʻlov tasdiqlangach, tanlangan tarif darhol yoqiladi va Bot tasdiq raqamini yuboradi.
4.5.Chek toʻlovni tasdiqlamasa (summa mos kelmasa, pul tushmagan boʻlsa yoki chek oʻqib boʻlmasa), Administrator uni sababini koʻrsatib rad etadi. Foydalanuvchi toʻgʻri chekni qayta yuborishi yoki «Operatorga yozish» orqali murojaat qilishi mumkin.
4.6.Buyurtma 7 kun ichida toʻlanmasa, u avtomatik bekor boʻladi; bu holda Botda yangi buyurtma yaratiladi.
4.7.Avtomatik yechib olish yoʻq: har bir toʻlovni Foydalanuvchining oʻzi amalga oshiradi. Obunani bekor qilish shart emas — toʻlov qilinmasa, muddat tugagach Pullik tarif oʻz-oʻzidan toʻxtaydi.
4.8.Sotuvchi hech qachon karta PIN-kodi, CVV, SMS-kod yoki bank ilovasining parolini soʻramaydi. Toʻlov rekvizitlari faqat @adlix_uz_bot ichida koʻrsatiladi — boshqa kanal yoki shaxslardan kelgan rekvizitlarga pul oʻtkazmang.
Xizmat muddati
5.1.Pullik tarif toʻlov Administrator tomonidan tasdiqlangan kundan boshlab tanlangan oylar soniga amal qiladi. Masalan, 19-oktabrda tasdiqlangan 1 oylik toʻlov 18-noyabr kuni oxirigacha amal qiladi.
5.2.Tarif faol boʻlgan paytda shu tarif uchun toʻlangan yangi muddat joriy muddat ustiga qoʻshiladi — birorta kun yoʻqolmaydi.
5.3.Pro+ tarifi oʻz davrida Pro tarifining barcha imkoniyatlarini oʻz ichiga oladi. Pro tarifi faol boʻlgan paytda Pro+ toʻlansa, Pro+ toʻlov tasdiqlangan kundan boshlanadi, Pro tarifining toʻlangan qolgan kunlari esa Pro+ davri tugagach davom etadi. Pro+ faol boʻlgan paytda Pro tarifi uchun toʻlov qilinsa, faqat Pro muddati uzaytiriladi.
5.4.Muddat tugashidan 7, 3 va 1 kun oldin, shuningdek muddat tugagach, Bot eslatma yuboradi. Eslatmalarni Botdagi «Mening obunam» boʻlimida oʻchirish mumkin.
5.5.Muddat tugagach, 3 kalendar kunlik imtiyozli muddat beriladi: bu davrda tegishli tarif imkoniyatlari ochiq qoladi. Imtiyozli muddatda yoki undan keyin toʻlov qilinsa, yangi obuna davri toʻlov tasdiqlangan kundan boshlanadi.
5.6.Imtiyozli muddat tugagach, kabinet avtomatik ravishda Bepul tarifga oʻtadi (Pro+ muddati tugab, Pro muddati davom etsa — Pro tarifiga). Maʼlumotlar oʻchirilmaydi: tashkilot maʼlumotlari, hujjatlar va savollar tarixi saqlanadi, tarif qayta yoqilganda barcha imkoniyatlar yana ochiladi.
5.7.Barcha muddatlar Toshkent vaqti boʻyicha hisoblanadi.
Pulni qaytarish
6.1.Foydalanuvchi toʻlov tasdiqlangandan keyin 3 kalendar kun ichida sabab koʻrsatmasdan toʻlangan summani toʻliq qaytarishni talab qilishi mumkin.
6.2.Soʻrov Botdagi «Yordam» → «Operatorga yozish» orqali yuboriladi; xabarda tasdiq raqami (ADX-…) koʻrsatiladi. Soʻrov ish vaqtida koʻrib chiqiladi.
6.3.Pul toʻlov amalga oshirilgan kartaga (yoki Foydalanuvchi bilan kelishilgan boshqa usulda) soʻrov qondirilgan kundan boshlab 5 ish kuni ichida qaytariladi. Qaytarilgan toʻlovga tegishli obuna muddati bekor qilinadi va Bot bu haqda xabar beradi.
6.4.3 kalendar kun oʻtgach toʻlangan summa qaytarilmaydi, quyidagi hollar bundan mustasno:
- ortiqcha yoki takroriy toʻlangan summa — toʻliq qaytariladi;
- Xizmat Sotuvchining aybi bilan ketma-ket 3 kalendar kundan ortiq ishlamagan boʻlsa — Foydalanuvchining tanloviga koʻra muddat shuncha kunga bepul uzaytiriladi yoki foydalanilmagan davr uchun summa mutanosib ravishda qaytariladi;
- Sotuvchi Xizmat koʻrsatishni butunlay toʻxtatsa — foydalanilmagan davr uchun summa mutanosib ravishda qaytariladi;
- Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa hollar.
6.5.7.2-bandga muvofiq Ofertani buzgani uchun kirishi cheklangan Foydalanuvchiga toʻlangan summa qaytarilmaydi, qonunchilikda boshqacha belgilangan hollar bundan mustasno.
Tomonlarning huquq va majburiyatlari
7.1.Sotuvchi majburiyatlari:
- Xizmatni ushbu Ofertaga muvofiq taqdim etish va toʻlangan davrda tanlangan tarif imkoniyatlariga kirishni taʼminlash;
- cheklarni ish vaqtida tekshirish, murojaatlarga Bot orqali javob berish;
- Foydalanuvchi maʼlumotlarini 9-boʻlimga muvofiq himoya qilish;
- rejalashtirilgan texnik ishlar haqida imkon qadar oldindan xabar berish.
7.2.Sotuvchi huquqlari:
- texnik ishlar uchun Xizmatni vaqtincha toʻxtatish;
- soxta chek yuborgan, login va parolni uchinchi shaxslarga bergan yoki Xizmatdan qonunga zid maqsadda foydalangan Foydalanuvchining kirishini cheklash;
- Ofertani 10.4-bandda belgilangan tartibda oʻzgartirish.
7.3.Foydalanuvchi majburiyatlari:
- obuna haqini toʻliq va faqat Botda koʻrsatilgan rekvizitlarga toʻlash, haqqoniy chek yuborish;
- login va parolni sir saqlash, ularni tashkilotga aloqasi boʻlmagan shaxslarga bermaslik;
- Xizmatga kiritgan maʼlumotlarining toʻgʻriligi va ularni kiritishga haqli ekani uchun javob berish;
- Xizmat materiallarini tijorat maqsadida qayta sotmaslik va ommaviy tarqatmaslik;
- Xizmatdan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq foydalanish.
7.4.Foydalanuvchi huquqlari:
- toʻlangan davrda tanlangan tarifning barcha imkoniyatlaridan foydalanish;
- 6-boʻlimga muvofiq pulni qaytarishni talab qilish;
- eslatmalarni oʻchirish, Telegram chatni hisobdan uzish;
- 9-boʻlimga muvofiq oʻz maʼlumotlarini koʻrish, tuzatish va oʻchirishni talab qilish.
Javobgarlik
8.1.Hujjat namunalari va shablonlar tavsiyaviy xarakterga ega. Foydalanuvchi ularni oʻz holatiga moslab, amaldagi qonunchilikka muvofiqligini tekshirib qoʻllaydi; hujjatni tayyorlash, imzolash va qoʻllash uchun javobgarlik Foydalanuvchi zimmasida.
8.2.Kalkulyatorlar (Mehnat taʼtili, mehnat muddatlari, aliment, davlat boji, penya va foizlar, protsessual muddatlar) natijalari Foydalanuvchi kiritgan maʼlumotlar asosida avtomatik hisoblanadi va maʼlumot uchun beriladi. Natijani tekshirish Foydalanuvchi zimmasida.
8.3.Markaz yuristlarining savollarga bergan javoblari, ekspert uchrashuvlaridagi tushuntirishlar, sudga murojaat yoʻriqnomasi va qonunchilik yangiliklari sharhlari maslahat va axborot xarakterida boʻlib, rasmiy huquqiy xulosa, davlat organining qarori yoki rasmiy tushuntirishi hisoblanmaydi.
8.4.adlix — mustaqil raqamli xizmat, davlat organining rasmiy xizmati emas. Obuna haqi davlat xizmati uchun toʻlov emas; obuna hujjatlarni koʻrib chiqish, tasdiqlash yoki rad etish natijasiga taʼsir qilmaydi va hech qanday imtiyoz bermaydi.
8.5.Savollar tegishli markazning istalgan yuristiga tasodifiy tartibda taqsimlanadi. Hech bir yurist muayyan tashkilotga biriktirilmaydi va Foydalanuvchi yuristni tanlay olmaydi.
8.6.ADLIX AI AGENT javoblari avtomatik yaratiladi va xato boʻlishi mumkin; ular maʼlumot xarakterida boʻlib, rasmiy huquqiy xulosa hisoblanmaydi. ADLIX AI AGENT Foydalanuvchi nomidan hech qanday harakatni (hujjat yuborish, murojaat qilish va boshqalar) amalga oshirmaydi. Muhim qarorlardan oldin javoblarni rasmiy manbalar (masalan, lex.uz) bilan solishtirish tavsiya etiladi.
8.7.Sotuvchi Foydalanuvchi qurilmasi, internet aloqasi, Telegram, bank yoki toʻlov tizimlari ishidagi uzilishlar, shuningdek yengib boʻlmaydigan kuch (fors-major) holatlari uchun javobgar emas.
8.8.Sotuvchining javobgarligi Foydalanuvchi oxirgi obuna davri uchun toʻlagan summa bilan cheklanadi, qonunchilikda boshqacha belgilangan hollar bundan mustasno.
8.9.Nizolar avvalo muzokara yoʻli bilan hal qilinadi: Foydalanuvchi Bot orqali yozma murojaat yuboradi, Sotuvchi 10 ish kuni ichida javob beradi. Kelishuvga erishilmasa, nizo Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq sudda koʻrib chiqiladi.
Shaxsga doir maʼlumotlar
9.1.Shaxsga doir maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 2-iyuldagi OʻRQ-547-son «Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida»gi Qonuniga muvofiq qayta ishlanadi.
9.2.Xizmatda quyidagi maʼlumotlar saqlanadi:
- kirish maʼlumotlari — login; parol faqat qaytarib boʻlmaydigan shifrlangan (xesh) koʻrinishda saqlanadi;
- tashkilot maʼlumotlari — nomi, tumani, rekvizitlari, rahbar va masʼul xodimlarning F.I.Sh., lavozimi va telefon raqami (Xizmatga kiritilgan hajmda);
- savollar — savol matni, ilova qilingan fayllar va yozishmalar tarixi; ekspert uchrashuvlariga oldindan yuborilgan savollar — savol matni va uni yuborgan tashkilot;
- Telegram maʼlumotlari — chat identifikatori, foydalanuvchi nomi va profildagi ism (hisob Botga ulanganda);
- toʻlov maʼlumotlari — buyurtma raqami, tarif, summa, sanalar, tasdiq raqami va yuborilgan chek; Sotuvchi Foydalanuvchining karta raqami, PIN-kodi, CVV yoki SMS-kodini soʻramaydi va saqlamaydi;
- texnik jurnallar — kirish urinishlari va IP-manzil (1 kun), dastur xatolari (30 kun), ADLIX AI AGENT orqali yuborilgan soʻrovlar (90 kun).
9.3.Maʼlumotlar faqat Xizmatni taqdim etish, toʻlovni tasdiqlash, eslatma va xabarnomalar yuborish hamda xavfsizlikni taʼminlash uchun qayta ishlanadi.
9.4.Maʼlumotlar uchinchi shaxslarga berilmaydi, sotilmaydi va reklama uchun ishlatilmaydi. Qonunda nazarda tutilgan hollar (sud yoki vakolatli organning qonuniy talabi) bundan mustasno. Xizmatning texnik infratuzilmasi (server, maʼlumotlar bazasi, fayl ombori) va Telegram maʼlumotlarga faqat Xizmat ishlashi uchun zarur doirada ishlov beradi. Ekspert uchrashuvlariga yuborilgan savollar uchrashuvni tayyorlash maqsadida tegishli uchrashuvni olib boruvchi mutaxassisga taqdim etiladi.
9.5.Foydalanuvchi oʻz maʼlumotlarini koʻrish, tuzatish yoki oʻchirishni Botdagi «Operatorga yozish» orqali talab qilishi mumkin; soʻrov qonunda belgilangan muddatlarda bajariladi. Toʻlov maʼlumotlari buxgalteriya va soliq hisobi uchun qonunda belgilangan muddat davomida saqlanishi mumkin.
9.6.Telegram chatni istalgan vaqtda Botdagi «Mening obunam» → «Hisobni uzish» orqali hisobdan uzish mumkin.
9.7.Ofertani aksept qilish bilan Foydalanuvchi shu boʻlimda koʻrsatilgan maʼlumotlarning qayta ishlanishiga rozilik beradi. Tashkilot oʻz xodimlarining maʼlumotlarini kiritishda ularning roziligi olinganini kafolatlaydi.
Ofertani qabul qilish
10.1.Botda «Tanishdim, roziman» (yoki «Tanishdim, roziman — toʻlovga oʻtish») tugmasini bosish Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 370-moddasiga muvofiq ushbu Ofertaning toʻliq va soʻzsiz akseptidir. Obuna haqini toʻlash Foydalanuvchining Oferta shartlariga roziligini qoʻshimcha tasdiqlaydi.
10.2.Shartnoma aksept qilingan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi. Tashkilot nomidan Ofertani aksept qilayotgan shaxs bunga vakolatli ekanini tasdiqlaydi.
10.3.Oferta Sotuvchi tomonidan qaytarib olinmaguncha amal qiladi. Amaldagi tahrir doimo adlix.uz/oferta.html manzilida eʼlon qilinadi.
10.4.Sotuvchi Ofertaga oʻzgartirish kiritishi mumkin. Yangi tahrir shu sahifada eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi (narxlar — 3.4-bandga muvofiq). Oʻzgarishlar allaqachon toʻlangan obuna davrining narxini oshirmaydi va 2.3–2.6-bandlardagi asosiy imkoniyatlar va limitlarni qisqartirmaydi. Yangi tahrirga rozi boʻlmagan Foydalanuvchi Xizmatdan foydalanishni toʻxtatishi mumkin.
10.5.Ofertada nazarda tutilmagan masalalar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tartibga solinadi.
Sotuvchi va toʻlov rekvizitlari
- Sotuvchi
- adlix.uz raqamli xizmati
- Toʻlov rekvizitlari
- Karta raqami va karta egasi har bir buyurtmada faqat @adlix_uz_bot dagi toʻlov xabarida koʻrsatiladi (4.8-band)
- Toʻlov tasdigʻi
- Toʻlov tasdiqlangach Bot tasdiq raqamini (ADX-…) yuboradi; u toʻlovni tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi
- Aloqa
- 12-boʻlimdagi kanallar orqali
Sotuvchi MChJ (masʼuliyati cheklangan jamiyat) shaklida davlat roʻyxatidan oʻtgach, rekvizitlar (nomi, STIR, bank hisob raqami) shu sahifada yangilanadi va bu haqda Bot orqali xabar beriladi. Amaldagi obunalar oʻz kuchida qoladi.
Aloqa
- Telegram bot@adlix_uz_bot — toʻlov, obuna holati, pulni qaytarish va boshqa savollar: «Yordam» → «Operatorga yozish».
- Saytadlix.uz
- Ish vaqtiDushanba–juma, 9:00–18:00 (Toshkent vaqti). Ish vaqtidan tashqari yuborilgan murojaatlar keyingi ish kunida koʻrib chiqiladi.
Tahrir: 25.10.2026adlix.uz — Ommaviy oferta